Institut tarixi

Tarix instituti 1943-yili (1970-yilgacha - O'zSSR FA Tarix va arxeologiya instituti) SSSR Fanlar akademiyasi O'zbekiston filiali Til, Adabiyot va Tarix instituti nomi bilan tashkil etilgan.

Institut olimlari Vatanimiz tarixining yoritilmagan sahifalari, o'zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi, O'zbekistonning boy moddiy hamda ma'naviy madaniyati tarixini o'rganish bilan shug'ullangan.

Institut tashkil etilgandan buyon Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalarining yirik ilmiy markazlari bilan o'zaro hamkorlikda ilmiy-metodik anjumanlar, davra suhbatlari, seminarlar hamda simpoziumlar faoliyati "Tarix fanining dolzarb muammolari" mavzusidagi maqolalar to'plamlari tarzida chop etilgan.

Tarix institutining ilmiy va tashkiliy faoliyatida tub o'zgarishlar O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng sodir bo'ldi. Sovet davrida tarix fani sof g'oyaviy va siyosiy xususiyatga ega bo'lib, kommunistik mafkurani targ'ib qilish uchun xizmat qildi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab institut xodimlari sovet davri tarixining soxtalashtirilgan yoki unutilgan sahifalarini o'rganishga jiddiy e'tibor berdilar. O'zbekiston tarixidagi ko'plab muammolar yangi nuqtai nazardan xolisona baholandi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-iyuldagi "O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to'g'risida"gi Qarori tarixiy vazifalarni strategik o'zgartirish uchun asos bo'ldi.
1998-yildan boshlab institutda Yahyo G'ulomov nomidagi "O'zbek xalqi va davlatchiligi tarixi" mavzusida ilmiy konferensiya o'tkazib kelinmoqda.
Mustaqillik yillarida institut tomonidan "O'zbekiston tarixi" maxsus tarixiy ilmiy jurnal, davriy nashrlar, "O'zbekiston tarixining yangi sahifalari" tadqiqot risolalari va O'zbekiston tarixining turli davrlariga bag'ishlangan bir qator yirik monografiyalar nashr etildi. Mustaqillik yillarida institut mamlakatimizda tarixiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va malakali ilmiy kadrlar maktabini shakllantirish markaziga aylandi. Umuman olganda, hozirgi kunda institutning eng muhim tadqiqot yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
  – Qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tarixi sohasida fundamental hamda amaliy tadqiqotlar olib borish, tadqiqot usullari va uslublari sohasida yangi bilimlarga ega bo'lish;

  – O'zbek davlatchiligining rivojlanish bosqichlari va uning insoniyat sivilizatsiyasidagi rolini o'rganish;

 – O'zbek xalqining intellektual, madaniy va ma'naviy merosining rivojlanish bosqichlari, shaxs, shu jumladan islom sivilizatsiyasidagi tutgan o'rnini o'rganish;

  – O'zbek xalqining kelib chiqishi tarixi, madaniy antropologiya, O'zbekistonda yashovchi turli millat va elatlarning etnologiyasini o'rganish;

  – Mustaqillik davri tarixini o'rganish;

  – Tarixshunoslik va manbashunoslik tadqiqot uslublarini ishlab chiqish.
Zamonaviy O'zbekiston tarixi metodologiyasining asosiy mezonlari tarixiylik, haqqoniylik, ilmiy ob'yektivlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan iborat. So'nggi yillarda institut olimlari tomonidan o'tmishni to'liq va xolis tavsiflash uchun ilgari noma'lum yoki taqiqlangan ko'plab manbalar ilmiy muomalaga kiritildi. O'zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o'rganishda mahalliy hamda xorijiy tarixshunoslik tadqiqotlariga alohida e'tibor berilmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo tarixini o'rganish uchun Yevropa, AQSh, Osiyo va MDHning yirik ilmiy tadqiqot muassasalari bilan o'zaro hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda.
So'nggi yillarda institutda etnologiya, qadimiy va o'rta asrlar tarixi, moddiy madaniyat tarixi, shuningdek, O'zbekistonning mustamlakachilik davri tarixi bo'yicha ko'plab ilmiy asarlar yaratildi. Jadidchilik, O'zbekistonda Sovet hokimiyatiga qarshi kurash tarixi va Sho'ro hukumatining qatag'onchilik siyosati, O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tarixi, o'zbek xalqining madaniyat sohasidagi yutuqlari yangicha ilmiy qarashlar asosida tadqiq etilmoqda. Mustaqillikdan so'ng O'zbekistonning zamonaviy tarixini o'rganish bo'yicha birinchi amaliy ishlar bajarildi. Umuman olganda, institutda 2011-2021-yillar ichida 80 dan ortiq monografiyalar nashr etildi.
Institut har yili quyidagi mutaxassisliklar bo'yicha doktorantura va tayanch doktoranturaga yosh mutaxassislarni qabul qiladi:
07.00.01 – O'zbekiston tarixi;

07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya;

07.00.08 – Tarixshunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.

2021-yilgi holatga ko'ra, institutda 10 nafar doktorant tahsil olmoqda.

  Institut direktorlari:
Zarif Radjabov (19431945)
Vasiliy Shishkin (19451947)
Vladimir Nepomnin (19471949)
Rashid Nabiyev (1949–1952)
Habib Tursunov (1952–1955) 
Ibrohim Mo‘minov (1955–1956)
Yahyo G‘ulomov (1956–1959) 
Аbdusamat Boboxojayev (1959–1964) 
Melixon Oxunova (1965–1986)
Ra’no Rajapova (1986–1991) 
Аxmadali Аsqarov (1991–1995)
Аxad Muhammadjonov (1996–1998)
Mirsodiq Is'hoqov (1998–2000)
Dilorom Аlimova (2000–2010) 
Ravshan Аbdullayev (2011–2019)
Azamat Ziyo (2019-yildan hozirga qadar)                                   

 

image